News

Qatʼiy ichki tartib, murosasizlik va yangi huquqiy mexanizmlar ifodasi

Qatʼiy ichki tartib, murosasizlik va yangi huquqiy mexanizmlar ifodasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy hayotida juda katta aks-sado berdi. Sababi, ushbu Farmon butun sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga bo‘lgan munosabatni mutlaqo o‘zgartirib, quruq balandparvoz gaplardan aniq amaliy natijalarga o‘tilishining huquqiy mexanizmlarini, tizimni tubdan sog‘lomlashtirishga qaratilgan yangi konseptual g‘oya va yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Mazkur Farmon sud tizimida korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilganligi barobarida o‘zining mohiyat eʼtiboriga ko‘ra nihoyatda keng qamrovli maqsad va vazifalarni qamrab oladi.

Xususan, tizimda birinchi navbatda qatʼiy ichki tartib va intizomni taʼminlash, har qanday qonunbuzarliklarning oldini olish, pirovard natijada samarali odil sudlov orqali eng muhim demokratik meʼzon – huquq ustuvorligiga erishish singari strategik maqsadni ko‘zlaydi.