Dastlab, Davlatimiz rahbarining Baxtiyor Mirboboyevni Vatanimizning yuksak davlat mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Farmoni o‘qib eshittirildi.
Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilgan ushbu g‘amxo‘rlik va eʼtibor Yangi O‘zbekiston sharoitida insonni qadrlash va eʼzozlash borasidagi amaliy ishlarning hayotiy ifodasidir.
Sud tizimida va boshqa davlat organlarida ko‘p yillar halol xizmat qilgan sud faxriysiga bo‘lgan bunday yuksak eʼtibor sudyalar hamjamiyatining juda katta quvonchiga sabab bo‘ldi.
Tantanali tadbirda tabrik uchun so‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, Konstitutsiyaviy sudi raisi M-U.Abdusalomov, Sudyalar assotsiatsiyasi raisi U.Mingboyev, Adliya vaziri A.Toshkulovlar tomonidan Baxtiyor Mirboboyevning bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘li bugungi sudyalar va yosh avlod uchun tom maʼnodagi ibrat maktabi vazifasini o‘tashi, U kishining halolligi, qatʼiyati yosh huquqshunoslarga namuna ekanligi eʼtirof etildi.
Baxtiyor Shamsutdinovich O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Falsafa va huquq institutida oddiy ilmiy xodimlikdan boshlab, keyinchalik Toshkent yuridik universitetida katta o‘qituvchi, dekan, prorektor, Adliya vaziri o‘rinbosari, Prezident davlat maslahatchisi, Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sudning raisi kabi yuksak lavozimlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan.
Inson umrining mohiyati uning el-yurtga qilgan xizmati bilan o‘lchanadi. Fidoiy va kuyunchak inson, salohiyatli huquqshunos Baxtiyor Mirboboyev xalqimizning, davlatimizning sodiq farzandlaridan biri sifatida Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shgan.
Tadbirda yig‘ilganlar ustozning nafaqat professional huquqshunoslik faoliyatini, balki har bir inson o‘rnak olgulik kamtarligi va oliyjanob insoniylik fazilatlarini alohida eʼtirof etdilar.
Baxtiyor Mirboboyev ko‘p yillik faoliyati davomida shogirdlariga nafaqat huquq sirlarini o‘rgatgan, balki halollik va kasbga sadoqat bo‘yicha shaxsiy namuna ko‘rsatgan chinakam murabbiydir.
Ushbu fayzli tadbir el-yurt uchun qilingan halol mehnat doimo eʼzozda ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi. Muhtaram Ustozimizni qutlug‘ 80 yillik yubileylari hamda yuksak unvon “Do‘stlik” ordeni bilan chin qalbdan muborakbod etamiz!


Kommentariyalar